Aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar

Demografik jarayonlarni tadqiq va tahlil etish uchun aholi to‘g‘risida mufassal ma’lumotlarga ega bo‘lish talab qilinadi. Ushbu ma’lumotlar ham ilmiy maqsadlar, ham amaliy maqsadlar – aholi sonini prognozlash, turli reja va dasturlar ishlab chiqish uchun zarur. Aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar birlamchi va ikkilamchiga bo‘linadi. Aholi to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumotlar, odatda, maxsus statistika xizmatlari tomonidan aholini ro‘yxatga olish, demografik hodisalarni joriy hisobga olish va aholi holatini tekshirish orqali to‘planadi. Aholi o‘rtasida tanlab o‘tkaziladigan tekshiruvlar maxsus davlat xizmatlari bilan birga ilmiy tadqiqot, sotsiologiya va jamoat tashkilotlari tomonidan ham o‘tkazilishi mumkin. Aholi to‘g‘risidagi ikkilamchi ma’lumotlar, odatda, yoki birlamchi ma’lumotlar asosida amalga oshirilgan tadqiqot ishlari-da yoki nodemografik maqsadlar uchun to‘plangan materiallarda bo‘ladi. Ular, asosan, demografik jarayonlar kechishining turli omillari yoki sharoitlariga taalluqli bo‘ladi. Ikkilamchi ma’lumotlarga, shuningdek, maxsus ma’lumotnomalar va monografiyalardagi mamlakatlar yoki mamlakat mintaqalariga oid birlamchi ma’lumot-larning umumlashmasi, sharhi va tahlillari ham kiradi. Ham birlamchi, ham ikkilamchi demografik ma’lumotlar muayyan talablarga javob berishi kerak. Eng avvalo, ular mufassal, batafsil va keng qamrovli bo‘lishi lozim. Jumladan, ularda aholi umumiy soni va umumiy demografik hodisalar to‘g‘risidagi ma’lumot-larning o‘zigina emas, balki bu ma’lumotlarning ba’zi belgilari bo‘yicha qanday farqlanishi ham aks etishi darkor. Masalan, tug‘ilish to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rganilayotgan bo‘lsa, ma’lum vaqt oralig‘ida tug‘ilish soni bilan birga, bola nikohda yoki turmush qurmaganlarda tug‘ilganligi, ularning qishloq yoki shaharda tug‘il-ganligi, onalarning yoshi, oiladagi bolalar soni, ota-onalarning ma’lumot darajasi va h.k.lar ham qayd etilgan bo‘lishi talab qilinadi.