Demografik jarayonlarning mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga ta’siri

     Odatda har qanday mamlakatda yuqori demografik sur’at, aholi soni va nikohlarning yuqori tezlikda ortib borishi uning iqtisodiy parametrlariga bosimni oshirish bilan birga, ushbu yo‘nalishda qator muammolarni vujudga keltirishi mumkin. Avvalgi bo‘limda demografik jarayonlarning ijtimoiy sohalarga ta’siri tahlil qilinganda, ularning deyarli barchasida O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi bilan bog‘liq jihatlar ishtirok etganini, ya’ni har qanday ijtimoiy sohalardagi infratuzilmalarni yaratish, yanada takomillashtirish birinchi galda aholi soni ortishidan kelib chiqib amalga oshirilsada, oxir-oqibat mamlakat iqtisodiyotga ta’siri ko‘zga tashlanadi. Dunyoning qator mamlakatlari, birinchi galda iqtisodiyoti sust rivojlangan davlatlar aholi sonining yuqori sur’atlarda o‘sishi, bunga  teskari proporsional tarzda iqtisodiyot rivojlanishi past bo‘lganligi bilan ajralib turadi. Osiyoning janubiy, Afrikaning Sahroi Kabirdan janubda joylashgan qator mamlakatlarda ana shu jihatlarni ko‘rish mumkin. Lekin bularning barchasiga qaramay, agar mamlakat to‘g‘ri va samarali ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib borsa, demografik jarayonlar, jumladan, aholi sonining ortishidan ijobiy natija bo‘lishi ham mumkin. Bunga misol tariqasida inson kapitalidan samarali foydalanish orqali demografik bosimdan ijobiy natija chiqarish mumkin. Ma’lumot uchun, Jahon bankining 192 mamlakatda o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, zamonaviy iqtisodiyotda jismoniy kapital umumiy boylikning 16 foizini, tabiiy kapital 20 foizni, inson kapitali esa 64 foizni tashkil etadi. Yaponiya, Germaniya va Shvesiyada inson kapitali ulushi 80 foizga yetadi, Rossiyada esa atigi 14 foizni tashkil etadi. Yuqorida qayd etilgan iqtisodiyoti sust rivojlangan mamlakatlarda esa undan ham past daraja saqlanib qolmoqda.

     Shu o‘rinda Vetnam (aholisi salkam 100 mln.kishi) va Filippin (salkam 110 mln.kishi) singari mamlakatlarni misol tariqasida keltirish mumkinki, mamlakatlarda aholi soni hamda o‘sish sur’ati yuqoriligi saqlanib qolgan sharoitda inson resurslaridan samarali foydalanish borasida ijobiy natijalarga erishishgan. Asosiy mexanizmlar sifatida chet elga mehnat resursi “eksport”ini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan holda boshlagan vetnamliklar tez orada ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sish sur’atini yuqori darajada oshirishga erishdi. Hozirda ushbu mamlakatlarda jon boshiga YaIM 3,5-4 ming AQSh dollarigacha ko‘tarilishiga erishishgan. Bunga birinchi galda inson kapitalidan oqilona foydalanish, ta’lim tizimini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish va eng muhimi to‘g‘ri iqtisodiy rivojlanish yo‘lini tanlaganliklari sababchidir. Ushbu bo‘limda demografik jarayonlarning mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga, ayrim tarmoqlarga ta’siri tahlil qilinadi. Jumladan, aholining mehnatga layoqatli qatlamini qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozoridagi islohotlar, ularning daromadlari shakllanishi, uy-joy qurilishi va urbanizatsiyaning rivojlanishi, aholining muhandislik-infratuzilma ob’ektlari hamda oziq-ovqat ta’minoti borasidagi tahlillar keltiriladi. Garchi iqtisodiyotning barcha sohalari aholi soni va o‘sish sur’atiga bog‘liq bo‘lsa-da, davlat budjeti va iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘liq yuqoridagi omillar birlamchi tahlil etilishi maqsadga muvofiqdir.

Mehnat bozori, bandlik va daromadlar

Ma’lumki, har bir mamlakatda mavjud mehnat bozori nafaqat milliy, balki boshqa mamlakatlar iqtisodiyotining turli tarmoqlarini mehnat resurslari bilan ta’minlaydigan alohida mexanizmdir. Ushbu bozorda ishtirok etuvchilar, ayniqsa, ishchi kuchlarining professional sifatlari, moslashuvchanligi hamda yuqori sifatga egaligi muhim o‘rin tutadi, chunki bu bevosita mamlakat va mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan omildir. Unda talab va taklif o‘rtasida o‘ziga xos qonun mavjud bo‘lib, iqtisodiyotning qay tartibda rivojlanishi yoki o‘zgarishi bozor ishtirokchilarining dastavval sifat ko‘rsatkichlariga ta’sir etadi. O‘zbekiston mehnat bozori ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Unda nisbatan demografik “yosh” aholi mavjudligi, tug‘ilishlar soni va sur’ati ortib borayotgan va o‘lim sur’ati kamayish tendensiyasi kuzatilayotgan aholiga egaligi sababli mehnat bozorida taklif miqdori talabga nisbatan yuqoriligicha qolayotgani bilan tavsiflanadi. Har yili demografik siljishlar tufayli mehnat bozoriga 500 mingdan ortiq yangi mehnat resurslari kirib keladi. Aholining pensiya yoshiga yetishi, migratsiya, o‘lim va boshqa omillar sababli mehnat resurslari safidan chiqayotganlarga nisbatan deyarli ikki baravar katta bo‘lgan yuqoridagi raqamlar mamlakat iqtisodiyotiga ham bosimni vujudga keltiradi. Shu o‘rinda hozirgi mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh guruhlari 2000-yillar boshlarida tug‘ilganligini, bu davr esa mustaqillik yillarida tug‘ilganlar sonining nisbatan eng past darajaga (yiliga 500-550 ming atrofida) ega bo‘lgan davr ekanligi bilan ajralib turadi. Taqqoslash uchun: oxirgi 2-3 yilda yiliga 800 mingdan ortiq tug‘ilishlar qayd etilmoqda. Bu holat agar amaldagi demografik jarayonlar sur’ati saqlanib qolsa yoki boshqa fors-major holatlar qayd etilmasa, 2030 yildan keyin mamlakat mehnat bozoriga bo‘ladigan bosim hozirgiga nisbatan kamida 50 %ga yuqori bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

    O‘zbekistonda mehnat bozorining asosiy indikatorlaridagi o‘zgarishlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida aholi soni o‘sishiga parallel ravishda mehnat resurslari soni ham ortib borgan, biroq ikki baravar kam sur’atda, ya’ni yiliga 1-1,2 %dan. Respublika mehnat bozoridagi asosiy o‘zgarishlar sifatida xorijga ishlash uchun ketayotganlar sonida katta o‘zgarishlar, shuningdek, ishsizlikning ortib borishi (bunda ishsizlikni aniqlash metodikasida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 dekabrdagi №1011-son qarori tufayli o‘zgarishlar bo‘lganligini ham qayd etish lozim), aholining iqtisodiy faollik darajasi ortganini qayd etish lozim. Hukumat tomonidan so‘nggi yillarda mehnat bozorini isloh qilish, ishsiz aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ta’sirchan mexanizmlar ishlab chiqilgan. Biroq 2020 yilgi pandemiya natijasida qator sohalar kabi ushbu yo‘nalish ham salbiy ta’sirlardan holi bo‘lmadi. Ish o‘rinlarining vaqtincha qisqarishi, davlat chegaralarining yopilishi hisobiga mavsumiy migrantlarning faoliyati to‘xtab qolishi, asosan norasmiy sektor faoliyat olib boradigan xizmatlar sohasining qator yo‘nalishlari (transport, savdo-ovqatlanish va h.k.) to‘xtab qolganligi mamlakatda ishsizlar sonining ortishi bilan birga aholi daromadlari qisqardi, umuman olganda iqtisodiy barqarorlik xavf ostida qoldi. O‘z vaqtida amalga oshirilgan bir qator ijobiy islohotlar, birinchi navbatda aholini mavsumiy va vaqtinchalik ishlarga jalb etish, qurilish sohalarini kengaytirish orqali ishlarni ushbu tarmoq xizmatlariga yo‘naltirish, aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, o‘zini o‘zi band qilishga rag‘batlantirish kabi choralar mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining musbat ko‘rsatkich bilan yakunlanishiga olib keldi. Ya’ni O‘zbekiston kam sonli mamlakatlar qatorida 2020 yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy retsessiyadan qutilib, ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Mamlakatda yosh guruhlaridagi siljishlar natijasida mehnatga layoqatli yoshga o‘tayotgan aholi soni bu yuqorida ta’kidlangan demografik bosimni ifodalaydi. So‘nggi yillardagi tug‘ilish sur’atining ortib borishi, mehnatga layoqatli aholi tarkibida o‘lim va migratsiyaning pasayishi natijasida aholi tarkibidagi ushbu qatlam miqdori ham ortib bormoqda. Ayniqsa, mehnatga layoqatlilarning ham quyidan (16 yoshdan o‘tayotganlar) ham yuqoridan (ayollar – 55, erkaklar 60 yosh) ortib borishi mehnat bozoriga bosimni ish o‘rinlarining yetishmasligi, xorijga ishga chiqib ketuvchilar soni ortishiga zamin hozirlaydi.

O‘zbekiston mehnat bozoridagi asosiy ishtirokchilardan biri, mamlakat va fuqarolarning shaxsiy budjeti shakllanishiga katta ta’sir etayotgan qatlam – xorijda faoliyatini olib borayotgan mehnat migrantlaridir. Ularning soni va o‘sish sur’ati faqatgina o‘tgan yilda ro‘y bergan pandemiya sabab qisqa o‘zgarishni hisobga olmaganda muttasil ortib kelgan. Mehnat migrantlari soni 2016 yilda 1,1 mln. nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yil yakunlariga kelib bu raqam salkam 2,5 mln. nafarni tashkil etgan. Biroq pandemiya sababli 2020 yil yakunida ularni soni 1,8 mln. kishigacha kamaydi.

Shu o‘rinda, mehnat migrantlari soni keskin kamaysada, ular tomonidan, aniqrog‘i jismoniy shaxslarning chet eldan yuborayotgan pul o‘tkazmalari sur’atidagi o‘zgarishlar ketma-ket ortib kelganini ta’kidlash lozim, hattoki o‘tgan yildagi pandemiya ham bu sur’atning pasayishiga sabab bo‘lmadi. O‘zbekistonda davlat YaIMga nisbatan bu miqdor tobora oshib borayotganligi, jami daromadlar tarkibida esa undan ham yuqoriligi (2020 yilda YaIMning 10%, jami daromadlar tarkibida 14,5 % atrofida) mamlakatda ortiqcha ishchi kuchidan aynan ushbu yo‘nalishda samarali foydalanish mumkinligini  ko‘rsatadi. Mehnat migrantlarining asosiy faoliyat olib boradigan mamlakatlari Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikalari bo‘lib kelyotgan bo‘lsa-da, bandlikka mas’ul tashkilotlar tomonidan ushbu mamlakatlar geogorafiyasi tobora kengaytirilmoqda, Koreya Respublikasi, Turkiya, BAA, Yaponiya, Sharqiy Yevropa mamlakatlari mehnat bozorlarida ham o‘zbek mehnat resurslariga talab ortib bormoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston mehnat bozori nisbatan “ortiqcha” ishchi kuchiga va “yosh” mehnat resurslariga egaligi bilan ajralib turadi. Bozordagi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun faol bandlik siyosati olib borilishi, buning uchun esa quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.

  • yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari sonini emas, sifatini oshirishga e’tibor qaratish lozim. Bundan 5 yil avvalgi bandlik dasturlariga e’tibor qaratsak, har yili deyarli 1 mln. ish o‘rni tashkil etilishi belgilanar, biroq ishsizlik pasaymas, ish o‘rinlariga talab yuqoriligicha qolgan edi;
  • mehnat migrantlarini ijtimoiy, huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini yanada kengaytirish, ular faoliyat olib boradigan mamlakatlar geografiyasini kengaytirish, eng muhimi, o‘z oilasiga kiritayotgan daromadlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanishiga tavsiyalar berish choralarini ko‘rish lozim;
  • mamlakatda ishsizlar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bandligi darajasini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni ko‘chaytirish kerak. Misol uchun, amaldagi ishsizlarga beriladigan subsidiya va grantlar ajratish tizimini ularga ajratiladigan pul miqdorini oshirish orqali yanada rivojlantirish, ishsizlik nafaqasi ajratilayotgan fuqarolarning ushbu nafaqaga bog‘lanib qolishining oldini olish va ularni o‘z doimiy ish o‘rnini topshiga ko‘maklashish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqdir;
  • aholining norasmiy sektorda ishlovchi qatlamini rasmiy sektorga ko‘proq jalb etish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish choralarini ko‘rish tavsiya etiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilish mexanizmi yuqori samara berishini unutmaslik lozim;
  • bandlik sohasida amalga oshiriladigan barcha dasturlar, normativ hujjatlarda aholi soni o‘sishi, demografik “to‘lqinlar”, yosh guruhlaridagi o‘zgarishlar va boshqa omillarni to‘liq inobatga olish lozim.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash va urbanizatsiya jarayonlari

    O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar aholi farovonligi va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan  bo‘lib, aholini uy-joy bilan ta’minlash va kommunal xizmatlar sifatini oshirish ana shunday islohotlarning bir ko‘rinishidir. Hukumat tomonidan aholini uy-joy bilan ta’minlashda yangicha uslublar — kimoshdi savdo orqali sotib olish, daromadi past bo‘lgan aholi uchun uy-joyning dastlabki to‘lovini subsidiya tarzida to‘lab berish va imtiyozli ipoteka kreditlari, kommunal xo‘jaliklar faoliyatini yuritishda budjet asosida moliyalashtirishdan voz kechib xususiy mulkdorlar shirkatlarini tashkil etishga o‘tildi. O‘tgan asrning 1970-80 yillarda mamlakatimizda aholining tug‘ilish darajasi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan davr edi. Bu esa keyinchalik tug‘ilish yuqori bo‘lgan va aholi zich yashaydigan hududlarda uy-joy bilan bog‘liq qator muammolarni keltirib chiqardi. Natijada Farg‘ona vodiysi, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida aholini uy-joy bilan ta’minlanishi birinchi darajali masalalardan bo‘lib qoldi. Aholining uy joy bilan ta’minlanishi yuqori darajadagi ijtimoiy muammo bo‘lganligidan, birgina istiqlolning dastlabki yillarida 1,8 mln.dan ortiq kishi uy-joy qurishga muhtoj sifatida sanalgan. Uy-joy bilan ta’minlanish va aholi ijtimoiy ta’minoti, xususan kommunal xizmatlarning holati salbiy ko‘rsatkichlarni aks ettirgan. Misol uchun, istiqlolning dastlabki yillarida qishloq aholisining atigi 5 foizigina kanalizatsiya va vodoprovod, 17 foizi tabiiy gaz va 50 foizigina ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi ahvolning murakkab bo‘lganligini bildiradi.

Garchi sohada tub o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayoni borayotgan bo‘lsa-da, qator muammolar mavjud. Keyingi yillarda barpo etilayotgan yangi, namunaviy tipdagi uy-joylar, ko‘p kvartirali uy-joy massivlariga bo‘lgan talab hamon yuqori bo‘lsa-da, shahar va shaharchalardagi ko‘p qavatli uylarda sohaga oid, yechimini topish zarur bo‘lgan masalalar borligi barchaga ayon. Bu muammolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmasada, bilvosita aholining demografik ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi. Mustaqillik yillarida mamlakat aholisining o‘sish ko‘rsatkichlari muntazam ortib kelgan bo‘lsada, ba’zi hududlarda uy-joy qurish uchun yer-mulk yo‘qligi, ilk yillarda iqtisodiy holat bilan bog‘liq holda shaharlarda yangi, ko‘p qavatli uylarning qurilishi mutlaqo to‘xtab qolgani aholining takror barpo bo‘lish jarayoniga qisman ta’sir ko‘rsatdi. Bu holat keyinchalik davom etib, qishloq hududlarda aholining ko‘payish sur’atiga ham biroz ta’sir qildi. Hukumat tomonidan yirik shaharlar atrofida yo‘ldosh shaharchalar va uy-joy massivlarining tashkil etilishi, yirik qishloqlarning shahar tipidagi posyolkalarga aylantirilishi va umuman aholi punktlaridagi infratuzilmalarni shaharlarga mos sharoitlarga o‘tkazilayotgani urbanizatsion jarayonlar jadallashuviga, shaharlarning ham aholi soni bo‘yicha qishloqlarga nisbatan tezlik bilan ortib borishiga zamin hozirladi. Agar xuddi shu yondashuv davom etaversa, mamlakat hukumati qabul qilgan dasturlar bo‘yicha 2030 yilga borib urbanizatsiya darajasi hozirgi 50,8 dan 60,0 %gacha oshishi kutiladi. Buni birinchi navbatda aholi va nikohlar (oilalarning) sonining jadallik bilan oshib borayotgani, natijada aholining uy-joyga bo‘lgan talabining yuqoriligi bilan izohlash mumkin.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2020 yil boshida mamlakatda 8,7 mln. oila ro‘yxatga olingan bo‘lsa, mavjud uy-joylar soni 6,3 mln.dan ortiqni tashkil etgan. 2017 va 2020 yillar boshidagi raqamlarni taqqoslaganda quyidagi ko‘rsatkichlar hosil bo‘ladi:

  • bir oilaga to‘g‘ri keladigan uy-joylar nisbati dastlabki davrda 0,75 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil boshiga kelib 0,72 ni ko‘rsatadi. Bundan quyidagi xulosaga kelish mumkinki, uy-joy qurilish sur’ati oilalarning ko‘payish sur’atiga nisbatan pastroq.
  • bir oilaga to‘g‘ri keladigan aholi soni ko‘rsatkichi taqqoslanayotgan davrlarda 4,1 kishidan 3,9 gacha pasaygan;
  • har 1000 ta oilaga nisbatan tuzilgan ro‘yxatga olingan nikohlar soni taqqoslanayotgan davrlarda 35,1 tadan 35,8 tagacha ortgan.

Yuqorida taqqoslangan davrlarni 2016 yil yakuni va 2019 yil yakuniga nisbatan olinishining asosiy sababi yuqorida ko‘p marta ta’kidlangan 2020 yilgi pandemiya hisoblanadi. Joriy 2021 yil yakunlarida ushbu yo‘nalishda bir qator sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda, shu nuqtai nazardan tahlillarni keyingi yilda takrorlash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aholining farovon, sog‘lom turmush kechirishi va qator demografik jarayonlariga, birinchi navbatda nikoh ko‘rsatkichlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Misol uchun, 2008 yilda 250,2 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 2016 yilda 275,0 ming, 2019 yil yakunida salkam 311 ming nikohlar ro‘yxatda o‘tkazilgan. Garchi keyingi yillarda bu raqamlar biroz pasayish xarakteriga ega bo‘lsa-da (2020 yil yakunida salkam 297 ming nikoh qayd etilgan), ana shu nikohlar keyingi yillarda aholi tarkibida tug‘ilganlar sonining ortishiga birlamchi zamin hozirlaydi. Aholining uy-joy bilan ta’minlanishining yaxshilanishi esa nikohlar sonining ortishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi.

Shu o‘rinda, 2021 yil 2 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, “Yangi O‘zbekiston” mavzelarini barpo etish hamda shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda jumladan, kelgusi besh yildagi barcha islohotlar aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, shuningdek, uy-joy qurilish va infratuzilmalarni yaxshilashga qaratilgan bir qator maqsadli ko‘rsatkichlar e’lon qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joy barpo etilgan. Mamlakatimizda har yili 300 ming atrofida nikoh qayd etilmoqda, bu kelgusi kelgusi besh yilda aholi soni 38 mln.kishiga yetishi mumkinligini bildiradi. Ana shundan kelib chiqib, aholini uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish uchun kelgusi besh yilda yiliga 80 mingtadan xonadon qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hududlarda barcha iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston massivlari”ni barpo etish, bu orqali kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod xonadon qurish reja qilingan.

Muhandislik-kommunikatsiya va uy-joy infratuzilmalari

Aholi soni va tarkibining o‘zgarishiga uy-joy bilan ta’minlanishdan tashqari, kommunal xizmatlar holati ham qisman ta’sir etadi. Bu borada quyidagi prinsiplarni esdan chiqarmaslik lozim. Chunki ular sohani rivojlantirishning o‘ziga xos qonuniyatlaridir:

  • uy-joy kommunal xizmatlar sohasining asosiy “mijozi” bu aholidir;
  • kommunal xizmatlar faqat aholi doimiy istiqomat qiladigan aholi punktlarida tashkil etilsa va xizmat ko‘rsatilsa maqsadga muvofiqdir;
  • uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar avtonom boshqaruv xususiyatiga ega bo‘lishi va bir-birlari bilan ishlab chiqaruvchi mahsulotlari va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha chambarchas bog‘langan bo‘lishlari zarur. Biroq yagona boshqaruv apparati va mahalliy qonunlarga to‘la bo‘ysunishi lozim;
  • kommunal xizmatlar asosan shaharlarda rivojlangan hamda sohada ishlab chiqarish va xizmatlardan foydalanish ko‘rsatkichlari shahar joylarda nisbatan ustundir. Faqat shaharlarga yaqin joylashgan qishloq aholi punktlarida ham qisman rivojlangan;
  • uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va uni ayniqsa, qishloq aholi punktlarida shakllantirish har bir hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lmog‘i lozim.

Biroq ushbu qonuniyatlarning ba’zilarini hozirgi paytda sohaning asosiy prinsiplaridan deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, kommunal xo‘jaliklarning tuzilishi va ularni boshqarish, shaharlar hududi va aholisining ortib borishi, qishloqlarning kengayib shaharcha va shahar maqomiga ega bo‘lishi sohaning qator talablariga o‘zgartirish kiritishga majbur qiladi.

Shu o‘rinda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatishning asosiy ko‘rinishlari tasnifiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Qator xorij va mahalliy olimlar ilmiy ishlarida sohada xizmat ko‘rsatuvchi  tarmoqlarni quyidagi 4 ta guruhga ajratgan:

  • uy xo‘jaliklari (uy-joy fondi, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va uy-joylarni boshqarish, qurilish-ta’mirlash xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar);
  • sanitar-texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar (ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘i, uy-joylardan chiqindilarni olib chiqib ketish (maxsustrans), uy-joy binolarini dizenfeksiyalash va tozalash, hammomlar hamda kir yuvish xizmatlari va h.k.);
  • energetika ta’minoti tashkilotlari (elektr, tabiiy gaz, issiqlik quvvati bilan ta’minlash korxonalari);
  • transport xizmati tashkilotlari (shahar jamoat transport turlari: avtobus, metro va boshqalar).

Yuqoridagi guruhlarga ajratilgan kommunal xizmatlar yaxlitlashtirilgan holda tahlil qilinadi. Ular birgalikda bir butun tizim yoki tarmoqni: uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini tashkil etadi. Biroq bu guruhlarning har biri bir nechta bir-biridan alohida xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini tashkil etadiki, ularni alohida sanab o‘tilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi:

  • suv ta’minoti, oqava suv va uni tozalash;
  • issiqlik ta’minoti;
  • gaz ta’minoti;
  • elektr ta’minoti;
  • aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish;
  • aholi punktlari va uy-joylarni chiqindilardan tozalash;
  • yo‘llar va ko‘priklarni ta’mirlash, kanal va daryolar qirg‘oqlarini muhofaza qilish va boshqalar.

   

     O‘zbekistonda hukumat tomonidan aholi turmush farovonli, uy-joy va kommunal xizmatlardan foydalanish holatini yanada yaxshilash maqsadida qator dasturlar, strategiya va konsepsiyalar e’lon qilingan. Ularda esa aholining o‘sish sur’ati va boshqa ba’zi demografik ko‘rsatkichlar, shuningdek, infratuzilmalarga bo‘ladigan bosimni hisobga olgan olda maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olingan. Shu bilan birga ushbu ko‘rsatkichlar mamlakat va uning hududlari iqtisodiy holati, budjet va boshqa omillarni ham hisobga olgan holda hisoblangan. Ana shu ko‘rsatkichlaridan ba’zilarini tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchi navbatda, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minotiga e’tibor qaratish lozim. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishlari, global isish va boshqa tabiiy omillar natijasida qo‘shni mamlakatlar hududlaridan boshlanuvchi, mamlakatimizning asosiy suv ta’minoti hisoblangan daryolari sathining pasayishiga, pirovardida esa suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Hozirgi paytda aholining 65 foizi suv tarmoqlari orqali ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2030 yilga borib mamlakat aholisining deyarli 90 foizida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilishi kutilmoqda. Biroq o‘sha paytda aholi soni hozirgiga qaraganda 5 mln. kishi ko‘p bo‘lishi mumkinligini ham inobatga olsak, tarmoqqa bo‘ladigan bosimning holatini taxmin qilish mumkin. Bu muammoni bartaraf etish uchun sohaga tejamkor va suv sarfini qisqartiradigan, zamonaviy texnologiyalar kiritish, suvdan oqilona foydalanish, ayniqsa qishloq xo‘jaligida suv sarfi miqdorini keskin pasaytirish kabi choralar ko‘rish talab etildi. Shuningdek, ichimlik suvi yetkazib berish, hisobga olish vositalarini yangilash kabi muhim tadbirlar ham ushbu tizimni takomillashtirish mexanizmlaridan hisoblanadi.

     Tabiiy gaz va elektr energiyasi mahsulotlari uchun sarflanadigan asosiy xom ashyo garchi O‘zbekistonda yetarli darajada mavjud bo‘lsa-da, ularni qayta ishlash hamda iste’molchi hisoblangan aholiga yetkazib berish va sotish borasida ham qator muammolar mavjud. Aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashda asosan gaz ballonlarida yetkazib berish orqali talabni qondirishga harakat qilinayotgan bo‘lsa, elektr energiyasidagi yetishmovchilikni kelajakda muqobil energiya, birinchi navbatda quyosh issiqligidan elektr toki olish orqali bartaraf etish mumkin. Umuman olganda, demografik vaziyat hamda kelajakda kutiladigan holatlardan kelib chiqib mamlakatda aholini uy-joy va sifatli ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlash mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish dasturlarida muhim rol o‘ynaydi. Har yili qabul qilinadigan davlat budjetida ushbu masalalar uchun ajratilayotgan mablag‘lar yildan-yilga oshirib borilmoqda. Bu esa tahlillarda ko‘rilayotgan masala – aholi soni oshishi va tarkibiy o‘zgarishlari tezlashishiga yanada turtki bo‘lishi mumkin. Mamlakatda demografik jarayonlar bilan hamohang tarzda rivojlantirilishi lozim bo‘lgan iqtisodiyotning yana bir tarmog‘i borki, bunga ham alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi. Bu – oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va aholini ta’minlash. Chunki, aholi ortib borgani sari nafaqat oziq-ovqat mahsulotlariga, balki boshqa kundalik buyumlar va xizmatlarga ham birdek talab ortib boraverishi tasdiqlanmaydigan aksiomadek holatdir.

     Oxirgi yillarda qator oziq-ovqat mahsulotlariga aholi soni va takribi o‘zgarishidan kelib chiqib talab ortib bormoqda. Jumladan, birlamchi mahsulotlar – un va un mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, go‘sht, sut va boshq mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda aholi talabini qondirish ustuvor vazifalardan bo‘lib qolmoqda. Mamlakat hukumati tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash, dunyo bozorida to‘xtovsiz narxi oshib borayotgan mahsulotlarni ichki bozorda yetarli zahirasini yaratishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Buning uchun ba’zi mahsulotlar (o‘simlik yog‘i, go‘sht va boshq.)ning mamlakatimizga olib kirilishga turli imtiyozlar qo‘llab, bojxona va boshqa to‘lovlardan ozod qilish, ta’minotchi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash kabi ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda. So‘nggi yillarda aholining birlamchi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi yuqori darajada ortib borayotganligi sababli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni mamlakatda qayta ishlash, shuningdek, ichki iste’molda yetarli bo‘lmagan mahsulotlar importini yanada oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktabrdagi 841-son qarori bilan tasdiqlangan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda belgilangan 2-maqsad, ya’ni “oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanish ratsionini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar tomonidan qator vazifa va indikatorlarni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ushbu vazifalarda ayniqsa, 2.1- va 2.2-vazifalarni alohida ta’kidlash lozim. Chunki ularda to‘g‘ridan to‘g‘ri aholining soni va yosh guruhlariga tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlariga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan masalalar o‘rin egallagan. Aholining to‘yib ovqatlanmasligi, sifatli va balanslashgan oziq-ovqatlarni iste’mol qilmasligi uning, ayniqsa bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarning jismoniy holatiga salbiy ta’sir etishini unutmaslik lozim. Hujjatning 2.2-vazifasida 2030 yilgacha to‘yib ovqat yemaslikning barcha shakllariga barham berish, jumladan, 2025 yilgacha besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning fiziologik holati va vaznidagi salbiy holatlarga qarshi kurashishga oid xalqaro darajada kelishilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish hamda o‘smir qizlar, homilador va emizikli ayollar, keksa odamlarning ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish belgilangan bo‘lib, bu yuqorida ta’kidlangan demografik jarayonlarga birlamchi ta’sir etuvchi omillardan sanaladi.

Demogrfik jarayonlarning iqtisodiy taraqqiyot bilan o‘zaro bog‘liqligini tahlil qilganda quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

  • Birinchidan, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining barcha tarmoqlarida u yoki bu ko‘rinishda demografik jarayonlar bilan bog‘liqlik mavjudligini unutmaslik lozim.
  • Ikkinchidan, mamlakatning YaIMi, iqtisodiy o‘sishi va boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblaganda, turli reytinglarni yuritayotganda albatta aholi soni va tarkibi muhim rol o‘ynaydi, aholi sonining ortishi yoki kamayishi yuqoridagi parametrlarda ham ko‘rinishi mumkin.
  • Uchinchidan, mamlakat yoki hududlarning ichki budjetini shakllantirish, tashqi qarzlar yoki xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda hududlarning demografik holatini inobatga olish kerak.
  • To‘rtinchidan, aholi bandligini oshirish, uy-joy, infratuzilmalar, oziq-ovqat va boshqa zurur ehtiyojlarini ta’minlash chora-tadbirlari hamda rejalashtirish dasturlarini ishlab chiqishda albatta, aholi soni va tarkibi, shuningdek, demografik jarayonlarning borishini inobatga olish lozim.
  • Beshinchidan, aholi bilan bog‘liq dasturlar, jumladan, demografik rivojlanish va demografik siyosat olib borishda ham o‘z navbatida mamlakat va hududlarning iqtisodiy-ijtimoiy holatini hisobga olish tavsiya etiladi.

 

O'xshash ma'lumotlar