Yozgi maktab 2021

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 367-sonli Qarori (3-bob, 9-band “Mahalla va oila” institutining dolzarb masalalar bo‘yicha yozgi va qishki maktablar, ilmiy ma’ruzalar va munozaralar maydonchalarini tashkil etish” vazifasi yuqorida ko‘rsatilgan maqsadga xizmat qiladi. Shu bois 2021-yil 07-11 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Maxalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti va BMT aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi  bilan hamkorlikda “Demografik imkoniyatlar: baholash, chaqiriq va istiqbollar” mavzusidagi yozgi maktabni tashkil qildi.

Maktabning asosiy vazifasi – mamlakatimizda barqaror o‘sishni ta’minlashda demografik o‘zgarishlarni to‘laqonli baholash, sohadagi ichki zahira va imkoniyatlarni aniqlashda yosh olimlarni ushbu sohaga jalb etish, xorijiy va mahalliy yetuk olimlar o‘rtasida bilim va tajriba almashish, mamlakatimiza yosh demogrif olimlar bazasini yaratish, hamda ularda zaruriy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishdan iborat.

Mazkur yozgi maktab o‘quv-seminar treningida nufuzli oliy ta’lim muassasa va tashkilotlarining vakillari shu bilan birga ilmiy xodimlari, talabalar, magistrlar, mustaqil izlanuvchilar, doktorantlardan iborat 25 kishi qatnashdi.

Yozgi maktab doirasida: “O‘zbekiston Respublikasining zamonaviy demografik vaziyati va demografik xavfsizlikka tahdidlar”, “Aholi ro‘yxati: natijalardan foydalanish va tarqatish”, “Ekologik noqulay hududda demografik muammolar va ularni hal qilish”, “Demografik rivojlanishning mehnat munosabatlariga ta’siri”, “Demografik o‘tish nazariyasi demografik rivojlanish tendensiyalarini tushunishning kaliti sifatida”, “O‘zbekiston demografik rivojlanishining uzoq muddatli prognoz parametrlari” (2050 yilgacha), “O‘lim darajasini tahlil qilish va prognozlashning zamonaviy usullari”, “Amaliyot uchun fan: nima uchun aholi va nima uchun aholi prognozi?”, “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishning uslubiy jihatlari”, “Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish  varag‘i shakllari (savolnomalari) va ularni to‘ldirish qoidalari”, “Inson kapitalini shakllantirishning demografik jihatlari”, “Demografik va oilaviy siyosat: asosiy vazifalar, yo‘nalishlar, chora-tadbirlar”, “Demografik jarayonlarning aholi kambag‘allik darajasiga ta’siri”, “Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning demografik jihatlari”, “O‘zbekistonda zamonaviy mehnat migratsiyasi: muammolar va ularni hal qilish usullari” mavzuidagi va boshqa ma’ruzalar tinglandi, muhokama etildi.