Qarindoshlar oʼrtasida nikoh tuzish holatlari va uning salbiy oqibatlarini oldini olish
Nikoh qurish insoniyat naslini davom ettiribgina qolmay, shaʼni va ulugʼligini taʼminlovchi qolaversa, jamiyatni bir maromda boʼlishi uchun asosiy vosita xisoblanadi. Nikoh qurishni puxta oʼylab koʼrib, keyin yondoshish kerak, chunki atrofdagilarga zarar yetkazmaslik uchun toʼgʼri asosda talqin qilish lozim. Zero, oila mustahkamligi bu jamiyat mustahkamligini saqlab qoluvchi vosita hisoblanadi. Hozirgi kunda yaqin qarindoshlar bilan yanada yaqin boʼlish maqsadida qarindoshlar oʼrtasida nikox qurishga intilish xolatlari juda koʼp kuzatilmoqda. Jumladan, Oila kodeksining 16-moddasiga binoan, nasl-nasab shajarasi boʼyicha toʼgʼri tutashgan qarindoshlar oʼrtasida, tugʼishgan va oʼgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʼrtasida, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʼrtasida nikoh tuzish taqiqlanadi. Oʼtkazilgan tadqiqot natijalaridan maʼlum boʼldiki, qarindosh-urugʼlar oʼrtasidagi nikoh munosabatlarini toʼliq qoʼllab-quvvatlaydiganlarning darajasi 10,8 foizni, oddiy xolat sifatida qoʼllab-quvvatlaydiganlar 26,0 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, respondentlarning 34,9 foizi qarindosh-urugʼlar oʼrtasidagi nikohni qoʼllab-quvvatlamasliklarini bildirishgan boʼlsa, eng yuqori koʼrsatkich Qashqadaryo viloyatiga (45,1 %) toʼgʼri kelgan. Bundan tashqari, respondentlarning 5,7 foizi qarindosh-urugʼlar oʼrtasidagi nikohga munosabatingizni bildiring savoliga javob berishga qiynalgan. Qarindosh-urugʼlar oʼrtasida turmush qurganlarning aksariyati turli sabablar tufayli oila qoʼrganliklari, masalan: qarindosh-urugʼchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va mol-mulkni begonalar qoʼliga oʼtib ketishidan saqlab qolish deb koʼrsatmoqda. Biroq, shu soxa mutaxasilari qarindoshlar bilan oila qurishni yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini targʼib qiladi.
Tadqiqot ishtirokchilarining soʼrovnoma natijalariga qaraganda, sevgi asosida(26,3%) turmush qurganliklari va eng koʼpi Surxondaryo viloyatiga (44,6 %) toʼgʼri kelgani bilan ajralib tursa, ota-onasining qistovi asosida(19,2%), qarindoshlik aloqalari uzilib ketmasligi uchun(17,1 %), yaxshi qiz yoki yigit boʼlganligi sababli(16,8%) hamda kattalar va qarindoshlar shuni istagani uchun(15,8 %) nikoh qurishganliklari ma’lum boʼldi. Shu bilan birga urugʼini begona urugʼ vakilini aralashtirmaslik maqsadida (2,6%), goʼdaklikdan unashtirib qoʼyganligi sababli (1,3%) oila qurganlarning soni ham talaygina. Qarindoshlar orasida nikoh qurishning asosiy tashabbuskorlari ota-onalar hisolanib, bobo-buvi, amma-xola, aka-uka, vaxokozolar ham qoʼshimcha sababchi boʼlishi xozirgi kunda dolzarb masalalardan biri desak mubolagʼa boʼlmaydi. Аyni paytda qarindoshlar oʼrtasidagi nikohning 47,9 foizi ota-onasining tashabbusi bilan tuzilishi maʼlum va bu nikohning 61,8 foizi Jizzax viloyatiga, 44,3 foizi Qashqadaryo viloyatiga toʼgʼri kelishini ta’kidlab oʼtish lozim. 22,5 foiz nikohlanuvchilar oʼzlari xoxlab nikoh qurganliklari va bu oʼz navbatida qarindoshchilik rishtalarini saqlab qolishga koʼmak berishini aytib oʼtishgan. Bundan koʼrinib turibdiki, ota-onalarning qarindoshlar oʼrtasidagi nikohga xayrixoxligi saqlanib qolmoqda, lekin shunday boʼlsada, bu nikoxni koʼproq ota-onalar xoxlaganliklari uchun oila qurganliklaridan afsuslanishmaydi. Jumladan, nikox quruvchilarning aksariyati 63,1 foizi qarindoshi bilan oila qurganidan afsuslanmasligi maьlum boʼlsa, bu koʼrsatkich Jizzax viloyatida 70,6 foiz, Qashqadaryo viloyati 67,6 foiz, Surxondaryo viloyati 51,2 foizni tashkil etdi. Respondentlarning 17,4 foizi bunday savollarga javob berishga xoxlamadi.
1-jadval. Qarindoshi bilan oila qurganidan afsuslanish holatlari va sabablari
|
Jizzax viloyati | Qashqadaryo viloyati | Surxondaryo viloyati | O‘zbekiston Respublikasi |
Farzandlarda nogironlik va irsiy kasalliklarning borligi |
30,6% |
27,9% |
24,2% |
27,6% |
Farzand ko‘rish va uning salomatligi bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasida kelishmovchiliklarning yuzaga kelganligi |
8,2% |
14,8% | 13,7% |
12,2% |
Yosh kelin-kuyovlarning jismoniy va maʼnaviy kamchiliklarini oshkora aytishning mushkulligi |
4,1% |
8,2% | 12,6% |
8,3% |
Yosh kelin-kuyovlarning janjali, qarindoshlarning yuz ko‘rmas bo‘lishiga sababchi bo‘lishligi |
22,4% |
31,1% | 38,9% |
30,8% |
Qarindoshlar o‘rtasida nikohda hech qanaqa salbiy holatlarni ko‘rmayman |
32,7% |
34,4% | 13,7% |
26,9% |
Boshqa salbiy holatlar |
16,3% | 0,0% | 2,1% |
6,1% |
Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, qarindoshlari bilan nikoh qurganlarning aksariyati bunday nikohdan afsuslanishi, buning oqibatida turli noxushliklar bo‘layotgani malum bo‘ldi (1-jadval). Bunday nikoh oqibatida, farzandlarda nogironlik va irsiy kasalliklarning borligi bo‘yicha umumiy 27,6 foiz axoli eng ko‘pi bilan Jizzax viloyati (30,6%) axolisi aziyat chekmoqda. Yosh kelin-kuyovlarning janjali, qarindoshlarning yuz ko‘rmas bo‘lishiga sababchi bo‘lishligi 30,8 foizni tashkil etib, eng yuqorisi Surxondaryo viloyatiga (38,9%) to‘g‘ri keldi. Respondentlarning 26,9 foizi, qarindoshlar o‘rtasida nikohda hech qanaqa salbiy holatlarni ko‘rmasliklari malum qildi. O‘rganilayotgan hududda qarindoshlar o‘rtasida nikohning eng asosiy sababchisi yaxshi qizni qo‘ldan chiqarmaslik (39,0 %) bo‘lib, bunga Qashqadaryo viloyati (47,1%) yaqqol misol bo‘ladi. O‘tkazilgan tadqiqot doirasida respondentlarning qarindoshlar o‘rtasida nikox qurish urf-odat, oilaviy shajarani saqlash (29,5%) qarindoshlik aloqalarini saqlab qolish (23,4%), bobo-buvilarning orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarish maqsadida qarindosh bilan oila qurish (18,0%) xolatlari mavjud.
Shuningdek, ota-onalarning farzandlarini turli begona muxitdan himoya qilish maqsadida qarindoshlar bilan nikox qurish fikrga 13,7 foiz respondent to‘liq qo‘llab-quvvatlayman deb javob bergan. O‘z farzandini qarindoshlar bilan nikoh qurishini qo‘llab-quvvatlayotgan ota-onalarning salmog‘i 20,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 38,9 foiz axoli qarindoshlar bilan nikox qurishni umuman qo‘llab-quvvatlashmadi. Respondentlarning 5,4 foizi bu savolga javob berishni istamagan, 21,2 foizi bu nikoxni unchalik qo‘llab-quvvatlamayman degan fikrda. Shu bilan birga ilmiy tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalaridan qarindoshlar o‘rtasida nikoh qurishning ijobiy va salbiy tomonlari o‘rganilganda, shunday xulosaga kelish mumkin. Tadqiqot olib borilayotgan xududda qarindoshlar orasida nikoh qurishning ijobiy tomonlari sifatida nikohlanuvchining ota-onasi, yaqin qarindoshlari yoki qaromog‘iga olgan insoni, ishonchli oila bilan quda-anda bo‘lish maqsadini olg‘a surgan (57,8 %). Oila qurayotgan kelinning yangi muxitga oson moslashadi (24,0%), qon-qarindoshlik munosabatlarini davom ettiradi(17,8%) degan aqidalar xam mavjud. Ammo bu degani qarindoshlar o‘rtasida nikoh qurish holatlarining ko‘payishi kerak degani emas.
Qarindoshlar o‘rtasida nikox qurishning qator salbiy oqibatlarini kuzatibgina qolmay, bu xaqida respondentlarning ko‘pchiligi tibbiyot xodimlari (61,5%), televideniye orqali (33,2%), ko‘cha-kuydan (13,3%), mahalla faollari tomonidan (12,1%), internetdan (4,4%), diniy ulamolardan (mullo, otinoyi va boshqa) ( 6,0% ), yaqin do‘stlari orqali (5,1%), maktabda (2,3%), OTMda (1,6%) eshitgan. O‘tkazilgan tadqiqot doirasida bunday nikoxning ko‘plab salbiy oqidatlarga olib kelishini takidlash joiz. Bunday nikoxga FHDYO organlari tomonidan raddiya berilganligini (arizaning qabul qilinmasligini) 25,1 foiz respondentlar bilishgan, 74,9 foizi bu xaqida umuman malumotga ega emaslar. Malumot o‘rnida aytish joizki, qarindoshligi bo‘lmagan shaxslargagina FHDYO organlari tomonidan berilgan arizalar qabul qilinadi va nikoh guvohnomasi mavjud nikoxlanuvchilarga imom tomonidan nikoh o‘qishga ruxsat beriladi. Tibbiyot sohasi mutaxassislari (ayniqsa, skrining markazi mutaxassislari) bugungi kunda yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasida (asosan shaʼriy) tuzilgan nikohlarning oqibatida nogiron va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilayotganliklarini doimiy ravishda taʼkidlab o‘tayotganlariga qaramasdan bunday nikoxlarning soni tobora ortib bormoqda. Buning oqibatida turli xil muammolarning yuzaga kelishi ayni xaqiqat. O‘tkazilgan tadqiqot va respondentlarning intervyulari natijasida qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar tufayli nogiron farzandlar tug‘iladi degan fikrni 40,7 foiz respondent tasdiqlab ovoz bergan. 22,9% foiz repondent qarindoshlar o‘rtasida sovuq munosabatlar yuzaga kelishi mumkin degan aqidaga ega bo‘lishiga qaramay, 19,2 foizi ular orasida xech qanday salbiy taʼsiri yo‘q degan fikrda. Shu bilan birga Surxondaryo viloyatining 51,6 foiz, Qashqadaryo viloyatining 39,2 foiz axolisi bo‘nday nikoh oqibatida nogiron farzandlar dunyoga keladi degan gaplarni ko‘proq maqullashdi. 3 foiz respondent Onaning sog‘lig‘ining yomonlashishini takidlab o‘tishgan bo‘lsa, 14,2 foizi bilmayman deb javob berdi.
2-jadval. Qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlar natijasida yuz berayotgan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun qanday ishlarni amalga oshirish lozimligi bo’yicha so’rov natijalari
Jizzax viloyati | Qashqadaryo viloyati | Surxondaryo viloyati | O‘zbekiston Respublikasi | |
Ota-onalar va farzandlarga tegishli tashkilotlar tomonidan Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari haqida tushintirish ishlarini olib borish |
38,8% |
36,5% | 36,7% |
37,4% |
Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini ommaviy oxborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish |
35,8% |
13,5% | 24,5% |
24,6% |
Davlat tomonidan qatʼiy jazo belgilash |
4,5% |
17,3% | 30,6% |
17,5% |
Bunday tadbirlarning keragi yo‘q |
6,0% |
16,3% | 2,0% |
8,1% |
Bilmayman |
14,9% |
13,5% | 6,1% |
11,5% |
Boshqa fikr |
0,0% |
2,9% | 0,0% |
1,0% |
(Respondentlardan o‘tkazilgan so‘rov natijalari)
Qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlar natijasida yuz berayotgan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun qanday ishlarni amalga oshirish, lozim deb hisoblaysiz degan savolga respondentlar quyidagicha javob berdi:
- “Ota-onalar va farzandlarga tegishli tashkilotlar tomonidan tushintirish ishlarini olib borish (37,4%)”;
- “Ommaviy oxborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish (24,6%)”;
- “Davlat tomonidan qatʼiy jazo belgilash (17,5%)”;
- “Bunday tadbirlarning keragi yo‘q (8,1%)”;
- “Bilmayman (11,5%)”(2-jadval).
Intervyurlar tomonidan so‘rov ishtirokchilariga “Qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikohlar masalasida mahalla va uning jamoatchilik tuzilmalari shug‘ullanishi kerak deb hisoblaysizmi?” degan savol bilan murojat qilinganda respondentlarning 44,1 foizi qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikohlar masalasida “xotin-qizlar jamoatchilik kengashi shug‘llanishi kerak” deb hisoblashlarini, 22,1 foizi “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi” shug‘illansin dedilar. Aksariyat, 15,4 foiz so‘rovnoma ishtirokchilari bunday savolga “mahallaning birorta maxsus ishchi guruhi masul” degan fikrda qolishdi va 8,4 foizi “Buvijonlar maktabi kengashi” shug‘lanishi tarafdori bo‘lishdi. 5,7 foiz ishtirokchi “Keksalar maslahati” guruhi azolariga yuklatilishini istadi. 45,7 foiz respondentlar qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari bo‘yicha mahallada amaliy chora-tadbirlar yoki ishlar yo‘lga qo‘yilganligini tasdiqlab, 24,8 foizi bunday tadbirlar o‘tkazilmaganligini ko‘rsatdi. Aksariyat 28,5 foiz so‘rovnoma ishtirokchilari bilmayman deb javob berdi. Tadqiqotda qatnashgan respondentlarning 74,4 foizi ayollar, 25,6 erkaklar ekanligi aniqlandi. Aholining huquqiy savodxonligi va tibbiy madaniyatining yetarli darajada emasligi umumiy maʼnoda qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishning asosiy sababi bo‘lmoqda. Shu jumladan, respondentlarning mavzuga doir erkin fikrlashi va dunyoqarashini baholash maqsadida malumot darajalari aniqlab olish zarur xisoblanadi. Ularning malumot darajasi o‘rganilganda, 23,4 foizi oliy malumotli ekanliklari, 48,2 foizi o‘rta maxsus, 26,1 foizi o‘rta, 2,3 foizi to‘liqsiz o‘rtaligi ekanligi malum bo‘ldi. Shu jumladan, respondentlarning 95,4 foizi o‘zbek, 3,1 foizi tojik, 0,5 foizi qozoq, 0,3 qirg‘iz millatidan ekanliklari aniqlandi. “Siz qaysi urug‘ga mansubsiz?” savoliga 43,9 foiz respondent “Qo‘ng‘irot”, 4,9% “Barlos”, 2,2% “Kenegez” 49,0% “Urug‘imni bilmayman” deb javob berdi.