Tojieva Zulxumor Nazarovna
Tojieva Zulxumor Nazarovna 1970 yil Jizzax viloyati Baxmal tumanida xizmatchi oilasida tavallud topgan. 1978-1988 yillarda Baxmal tumanidagi 7-oʼrta maktabda oʼqigan va ushbu maktabni “Oltin medal” bilan tugatgan.
Maktabda oʼqib yurgan vaqtlari 2 yil davomida muntazam 2 marta ham geografiya fanidan Respublika fan olimpiadasining gʼolibi boʼlgan. Fan olimpiadasi gʼolib boʼlganligi munosabati bilan 1988-yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti) geografiya fakultetining 1-kursiga imtiyozli ravishda oʼqishga qabul qilingan. U mazkur oliy oʼquv yurtini aʼlo baholarga oʼqiganligi, jamoat ishlardagi faolligi tufayli, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy yorligʼi bilan taqdirlangan.
Tojieva Zulxumor Nazarovna 1993-yilda mazkur universitetni «Geograf-oʼqituvchi» mutaxassisligi boʼyicha imtiyozli diplom bilan muvaffaqiyatli tugatdi va Davlat Аttestatsiyasi Komissiyasi tomonidan aspiranturada oʼqishni davom ettirishga tavsiya etildi. Shu yildan eʼtiboran Toshkent Davlat universiteti qoshidagi “Аholishunoslik ilmiy – tadqiqot laboratoriyasi”da kichik ilmiy xodim boʼlib faoliyat yurita boshladi. 1993-yil 10-dekabrdan 1998-yil sentyabrgacha 11.00.02- iqtisodiy va sotsial geografiya ixtisosligi boʼyicha Toshkent Davlat universiteti aspiranturasida tahsil oldi. Tojieva Zulxumor 1998-yilda “Jizzax viloyati aholisi koʼpayishi va joylanishining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida nomzodlik ishini muddatidan ilgari himoya qilgan va 1999-yilda geografiya fanlari nomzodi, 2003-yilda dotsent, unvonlarini olgan.
2017-yilda «Oʼzbekiston Respublikasida demografik jarayonlar va ularning hududiy xususiyatlari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvafaqqiyatli himoya qilgan. Dissertatsiya tadqiqotida quyidagi ilmiy natijalar olingan:
barqaror rivojlanishga taʼsir etuvchi demografik xavfsizlik indikatorlari va ularning hududlar miqyosida ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari asoslangan;
ijtimoiy demografik rivojlanishdagi oʼzgarishlarni hisobga olgan holda geodemografik va demogeografik tadqiqotlarning metodologik asoslari takomillashtirilgan;
hududlarning demografik sigʼim (XDS) darajasi jami aholi, yosh-jins tarkibi boʼyicha ishlab chiqilgan, aholi punktlarini hududiy tashkil etishning demogeografik xususiyatlari aniqlangan;
respublika aholisi oʼlimi va oʼrtacha kutilayotgan umr davomiyligini de Muavr usuli boʼyicha modellashtirish asosida ularning oʼzaro korrelyatsiyasi va dinamikasi asoslangan;
demografiya, aholi bandligi va mehnat bozori masalalarida sohaga oid muammolarni hal etish hamda aholi bandligini taʼminlash dasturini monitoring qilish boʼyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan;
demografik rivojlanishning oʼrta va uzoq muddatli istiqbol koʼrsatkichlariga asoslangan demografik prognoz parametrlari belgilangan.
Demografik jarayonlardagi oʼzgarishlarning hududiy xususiyatlarini baholash boʼyicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
U Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʼzbekiston Milliy universiteti) iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kafedrasida kafedra mudiri, professor lavozimida ishlab kelmoqda. Shu kunga qadar Tojieva Zulxumorning ilmiy rahbarligida 50 dan ortiq magistrlar, 10 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan. Hozirgi kunda uning rahbarligida 3 ta mustaqil tadqiqotchi-izlanuvchilar tayanch doktorlik (PhD) va 2 ta fan doktori dissertatsiyalari ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Z.N. Tojieva 2016 yildan buyon Oʼzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.G.01.06 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi 11.00.02 – iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ixtisosliklari (geografiya fanlari) boʼyicha Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi.
Tojieva Zulxumorning ilmiy tadqiqot ishlari Oʼzbekiston Respublikasi demografik jarayonlarini geografik tadqiq etish asosida aholining tabiiy-mexanik va ijtimoiy harakatidagi tendentsiyalarni belgilash, aholi oʼsishi va joylanishi bilan bogʼliq, ijtimoiy-iqtisodiy, mehnat bozori, bandlik hamda aholini hududiy tashkil etishning geoekologik muammolarini tahlil etish, respublika aholisi demografik jarayonlari taraqqiyotidagi oʼziga xos jihatlarini hudud demografik sigʼimi, demografik xavfsizlik nuqtai-nazaridan baholash va mintaqalar demografik rivojlanishining asosiy yoʼnalishlarini takomillashtirish masalalariga bagʼishlangan. Z.N.Tojieva Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Oʼzbekistondagi Аholishunoslik jamgʼarmasi (YuNFPА) hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Mahalla va Oila” ilmiy-tadqiqiot instituti tomonidan tashkil etilgan “Demografiya” ilmiy seminarining rasmiy aʼzosi. BMTning Аholishunoslik jamgʼarmasi (YuNFPА) tomonidan har yili oʼtkaziladigan Xalqaro miqyosdagi konferensiyalar (Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburg), ilmiy seminarlarning muntazam faol ishtirokchisi hisoblanadi.
Tojieva Zulxumor 150 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 4 ta monografiya, 5 ta darslik, 8 ta oʼquv qoʼllanmalar (1 tasi oxirgi 3 yilda) muallifi. Uning 50 dan ortiq ilmiy maqollari Oʼzbekiston, MDH mamlakatlari va uzoq chet ellardagi davriy ilmiy jurnallarda chop etilgan.