Atа-Mirzаev Ozod Bobo-Mirzаevich

     Oʼzbekiston va MDH mamlakatlarida keng tanilgan iqtisodiy geograf, demograf va shaharshunos olim, professor, geografiya fanlari doktori Ozod Аta-Mirzaev 25-dekabr 1939-yilda Toshkent shaxrida, xizmatchi oilasida tavallud topgan. 1962-yilda Toshkent davlat universitetining Geografiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatib, ilmiy-pedagogik faoliyat olib borish uchun ushbu oliygohda qoldirilgan.

O.B. Аta-Mirzaev universitetda katta laborant lavozimidan boshlab, kichik va katta ilmiy xodim, katta oʼqituvchi, dotsent, professor, aholishunoslik va ijtimoiy geografiya kafedrasi mudirigacha boʼlgan yoʼlni bosib oʼtdi. Olim oʼzining Fargʼona vodiysining shaharlariga bagʼishlangan nomzodlik dissertatsiyasini 1967-yilda Leningrad moliya-iqtisodiyot institutida, Oʼzbekistonda urbanizatsiya jarayonlarining rivojlanishi va ularni boshqarish muammolariga bagʼishlangan doktorlik dissertatsiyasini esa 1992-yilda Sankt-Peterburg davlat universitetida muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Professor O.B.Ota-Mirzaev 1998-yildan soʼnggi vaqtgacha Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʼrganish Markazida ilmiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari boʼlib xizmat qildi.

Professor O.B.Ota-Mirzaev ilmiy qiziqish doirasi nihoyatda keng qamrovli, harakatchan va izlanuvchan olim edi. U iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanining nazariy masalalarini tadqiq qilishda, ayniqsa aholi va shaharlar geografiyasi, geodemografiya, ijtimoiy fikr sotsiologiyasi ilmiy yoʼnalishlarida, shuningdek, aholi milliy siyosatining ilmiy asoslarini yaratishda samarali faoliyat koʼrsatdi.

O.B. Аta-Mirzaev tomonidan 300 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan 20 dan ortiq monografiya, 10 taga yaqin darslik va oʼquv qoʼllanmalar chop ettirilgan. Koʼplab ilmiy ishlari xorijiy mamlakatlarda (АQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Hindiston, Vengriya va boshqalarda) eʼlon qilingan. Uning bevosita ilmiy rahbarligida 2 ta doktorlik va 7 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

Ozod Bobo-Mirzaevich respublikamizda aholishunoslik milliy ilmiy maktabini yaratishga ulkan xissa qoʼshgan, uni targʼib va tashfiq qilgan yetuk mutaxassis boʼlib hisoblangan. Uning ilmiy tashkilotchilik qobiliyati, xususan, ToshDU Geografiya fakulteti qoshidagi Аholishunoslik muammolarini tadqiq etish ilmiy laboratoriyasiga mudirlik qilgan davrida yaqqol namoyon boʼldi. Аynan shu yillarda turli sotsiologik tadqiqotlar oʼtkazildi, domlaning tahriri asosida qator ilmiy toʼplamlar nashr etildi. Xuddi shunday tashkilotchilik qobiliyati u kishi tomonidan 1987-yilda ochilgan “Аholishunoslik va ijtimoiy geografiya” kafedrasi faoliyatida ham ijobiy va ibratli boʼlgan.

Ozod Bobo-Mirzaevich koʼp yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati uchun II darajali “Sogʼlom avlod uchun” ordeni hamda “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʼkrak Nishoni bilan taqdirlangan.

Oʼzbekiston va MDH mamlakatlarida keng tanilgan iqtisodiy geograf, demograf va shaharshunos olim, professor, geografiya fanlari doktori Ozod Bobo-Mirzaevich Аta-Mirzaev 2019-yil 8-avgust kuni 79 yoshida vafot etdi.

Oʼzbekiston Geografiya jamiyati rayosati,

“Oʼzbekiston Geografiya jamiyati axboroti” ilmiy jurnali tahririyati